O‘zbekistonda MDHda birinchi bo‘lib ko‘zi ojizlar uchun mo‘ljallangan saylov byulletenlari tayyorlanmoqda

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga doir taklifnoma va saylov byulletenining yangi varianti ishlab chiqilib tarqatilmoqda. Bu haqda Daryo.uz xabar berdi.

Ko‘zi ojiz fuqarolarga brayl alifbosida saylov mavzusi bo‘yicha turli risolalar chop etilayotir. Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi mamlakatlari orasida birinchi bo‘lib ilk marta ko‘zi ojizlar uchun mo‘ljallangan saylov byulletenlari tayyorlanmoqda.

– Mamlakatimizda Prezident saylovini demokratik tamoyillar asosida o‘tkazish maqsadida ko‘p ishlar qilinmoqda. Ko‘zi ojizlar uchun brayl shriftli saylov byulletenining yaratilishi shulardan biri, – deydi O‘zbekiston Respublikasi ko‘zi ojizlar jamiyati markaziy boshqaruvi raisi Abduqayum Abdunabiyev. – Respublika bo‘yicha 39 mingdan ziyod ko‘zi ojiz fuqaro ro‘yxatga olingan. Barchasi saylash huquqiga ega. Ayni paytda jamiyatimiz tomonidan ular orasida joriy yilgi saylovda bo‘rtma shriftli alifbo asosida saylov byulletenlari amaliyotga tatbiq etilayotgani haqida tushuntirish-targ‘ibot ishlari olib borilmoqda. Ilgari ham ko‘zi ojizlar saylovlarda ishtirok etar edi. O‘zimdan qiyos: o‘g‘lim bilan uchastkaga borardim. Nomzodlar haqidagi ma’lumotni o‘qib berardi. Ma’qulini aytardim. Belgilab qo‘yardi. Endi o‘zimiz o‘qib, o‘zimiz belgilash imkoniga ega bo‘ldik. Yangilikdan barcha ko‘zi ojizlar juda xursand bo‘lishmoqda. Bu yurtimizda mazkur siyosiy jarayon adolatlilik, ochiqlik, oshkoralik va transparentlik prinsiplari asosida fuqarolarning saylov huquqlariga so‘zsiz rioya qilish, saylovchilarga saylovda erkin ishtirok etish uchun zarur shart-sharoitlar yaratishga qaratilgan ishlarning amaldagi ifodasidir.

O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasidan ma’lum qilishlaricha, muayyan qonun hujjatlarning tegishli bandiga muvofiq mamlakatimizda istiqomat qilayotgan ko‘zi ojiz fuqarolar o‘z konstitutsiyaviy huquqidan foydalanishi uchun saylov byulletenlari brayl alifbosi asosida zarur miqdorda o‘zbek va rus tillarida chop etilayotir. Ushbu byulleten namunasi ilovaga muvofiq shaklda tasdiqlangan. Bo‘rtma nuqtali shriftlardan iborat byulletenni tayyorlashda Toshkent qog‘oz fabrikasining matbaa ofset qog‘ozidan foydalanilmoqda va ko‘zi ojizlar bosmaxonasida chop etilayotir. Byulletenda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodlar to‘g‘risidagi ma’lumotlar berilgan, uning o‘ng tomonida bo‘sh kvadratlarda chegaralari relyefli-nuqtali bo‘rtmalar orqali joylashtirilgan.

Ayni paytda ko‘zi ojiz saylovchilar uchun nashr etilgan saylov byulletenlari tegishli tartibda rasmiylashtirilib, okrug saylov komissiyalariga yuborilmoqda. Uchastka saylov komissiyalari ko‘zi ojiz saylovchilar uchun saylov byulletenlarini okrug saylov komissiyalaridan oladi.

Manba Daryo.uz