10:40 | 24 May 2016
O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimov Xitoy tashqi ishlar vazirini qabul qildi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov 23-may kuni Oqsaroyda mamlakatga rasmiy tashrif bilan kelgan Xitoy Xalq Respublikasi tashqi ishlar vaziri Van Ini qabul qildi. Bu haqda Daryo.uz xabar berdi.
Davlat rahbari mehmonni samimiy qutlar ekan, O‘zbekiston mamlakatlar o‘rtasida barcha yo‘nalishlardagi barqaror va ishonchli hamkorlikni yuksak qadrlashini ta’kidladi.
O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi uzoq muddatli manfaatlarga asoslangan strategik sheriklik munosabatlarining ustuvor yo‘nalishlari va istiqbolini belgilashda muntazamlik kasb etgan oliy darajadagi muloqotlar alohida ahamiyatga ega.
Uchrashuvda Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpinning O‘zbekistonga bo‘lajak davlat tashrifi o‘zaro munosabatlarni yanada rivojlantirishda muhim bosqich bo‘lishi ta’kidlandi.
O‘zbekiston va Xitoy o‘zaro manfaatli va samarali hamkorlik bo‘yicha katta tajriba to‘plagan. 2015-yilda ikki mamlakat o‘rtasidagi o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi 4,1 milliard AQSh dollarini tashkil etdi. O‘zbekiston iqtisodiyotiga jalb qilingan Xitoy investitsiyasi hajmi 6,5 milliard dollardan oshdi. O‘zbekistonda Xitoy kapitali ishtirokida tashkil etilgan 651 korxona faoliyat ko‘rsatmoqda, bir qancha muhim qo‘shma loyihalar amalga oshirilgan.
Ikki mamlakat ishbilarmonlari “Angren” maxsus industrial zonasida shina va konveyer lentalari ishlab chiqarish zavodini, “Navoiyazot” aksiyadorlik jamiyati bazasida polivinilxlorid, kaustik soda va metanol ishlab chiqarish kompleksini barpo etish va boshqa yirik loyihalarni hayotga tatbiq etmoqda.
O‘zbekiston bilan Xitoy o‘rtasida ko‘p asrlik tarixiy rishtalarga asoslangan ta’lim, ilm-fan, texnologiyalar, tibbiyot va madaniyat sohalaridagi hamkorlik izchil rivojlanmoqda.
Uchrashuvda O‘zbekistonning Shanxay hamkorlik tashkilotiga raisligi doirasida bo‘lib o‘tadigan tadbirlarda Xitoyning ishtiroki va O‘zbekiston – Xitoy hamkorligiga doir boshqa masalalar yuzasidan fikr almashildi.
ShHTning kuzatuvchi davlatlar va xalqaro tashkilotlar rahbarlari ishtirokida Toshkentda bo‘lib o‘tadigan sammiti muhim siyosiy voqea bo‘lib, sammit davomida tashkilotning turli sohalardagi faoliyatini yanada takomillashtirish va samaradorligini oshirishga qaratilgan muhim qarorlar qabul qilinishi ta’kidlandi.
Mehmon O‘zbekiston Prezidentiga samimiy qabul va o‘zaro hamkorlikning dolzarb masalalari, tomonlarni qiziqtirgan mintaqaviy va xalqaro muammolarni atroflicha muhokama etish imkoniyati yaratilgani uchun minnatdorlik bildirdi.