А A
14:15:36 22.12.2024 Yakshanba

12:19 | 29 October 2015

O‘zbekistonda paxta tolasini qabul qilish, qayta ishlash va eksport qilish bo‘yicha “O‘zpaxtasanoateksport” xolding kompaniyasi tashkil etiladi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov 27-oktabr kuni farmon imzoladi. Farmon matnini O‘zA e’lon qildi.

Print Print
paxta1-640x428-300x201

Unga ko‘ra, kompaniya paxta xomashyosini qabul qilish va qayta ishlash, paxta tolasini jahon bozori talablaridan kelib chiqqan holda eksport qilish bo‘yicha yagona kompleksni yaratish, paxta va yog‘-moy mahsulotlarining sifatini hamda raqobatdoshligini oshirish, shuningdek, respublikaning paxta tozalash va yog‘-moy korxonalarini modernizatsiya qilish, texnik va texnologik qayta jihozlash uchun investitsiyalarni, jumladan, xorijiy investitsiyalarni keng jalb qilish maqsadida tuziladi.

Xolding kompaniyasi tarkibiga aksiyadorlik jamiyati shaklidagi quyidagi birlashmalar kiradi:

— paxta xomashyosini qabul qilish va qayta ishlashni tashkil qilish bo‘yicha – tugatilayotgan “O‘zpaxtasanoat” uyushmasi negizida tashkil etilayotgan “O‘zpaxtasanoat” aksiyadorlik jamiyati va uning hududiy filiallari, ushbu aksiyadorlik jamiyatiga “Paxtasanoat” hududiy aksiyadorlik birlashmalarining ustav fondlaridagi aksiyalarning davlat paketlarini topshirish hisobiga uning ustav fondi shakllantiriladi;

— paxta tolasini saqlash va eksport qilishni ta’minlash bo‘yicha – “O‘zpaxtaeksport” aksiyadorlik jamiyati, uning ustav fondi O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi huzuridagi tashqi savdo kompaniyalarining paxta terminallari ustav fondlaridagi ulushlarini baholash qiymati bo‘yicha topshirish hisobiga shakllantiriladi;

— paxta yog‘i ishlab chiqarish bo‘yicha – “O‘zpaxtayog‘” aksiyadorlik jamiyati, uning ustav fondi paxta yog‘i ishlab chiqaruvchi korxonalarni Oziq-ovqat sanoati korxonalari uyushmasi tarkibidan chiqargan holda ularning ustav fondlaridagi aksiyalar (ulushlar)ning davlat paketlarini topshirish hisobiga shakllantiriladi.

“O‘zpaxtasanoateksport” xolding kompaniyasining boshlang‘ich ustav kapitali tugatilayotgan “O‘zpaxtasanoat” uyushmasining mulki, shuningdek, tashkil etilayotgan ixtisoslashtirilgan birlashmalar – “O‘zpaxtasanoat” AJ, “O‘zpaxtaeksport” AJ, “O‘zpaxtayog‘” AJ aksiyalari paketlarining 100 foizini topshirish hisobiga shakllantiriladi.

“O‘zpaxtasanoateksport” xolding kompaniyasi va uning tarkibiy bo‘linmalarini tashkil etish bo‘yicha barcha tashkiliy tadbirlar kompleksini amalga oshirishdagi ishlarni muvofiqlashtirish va ko‘mak berish uchun ilovaga muvofiq tarkibda Hukumat komissiyasi tuziladi. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh.Mirziyoyev zimmasiga yuklandi.

Ishonch telefoni

phone2

+998 91 109 00 90

December 2024
M T W T F S S
« May    
 1
2345678
9101112131415
16171819202122
23242526272829
3031